O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Qarorga ko’ra, Prezident maktablari Qoraqalpog‘istonda, shuningdek, O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari shaklida tashkil etiladi.
2019-yilda dastlabki maktablarning qurilishi bir vaqtning o‘zida Toshkent va Nukus shaharlarida, Xorazm viloyatida bo‘ladi. 2020-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ushbu maktablarga qabul qilish respublika ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa 5-10-sinflar uchun har bir maktab 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qiladi.
O‘quv jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM – ta’lim» (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiya, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi asosida olib boriladi.
Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta’lim olish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini, ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.
Prezident maktablari bitiruvchilariga, belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida, xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.
Hozirda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Prezident maktablari faoliyati va o‘quvchilarni qabul qilish masalalarini tartibga soluvchi kerakli me’yoriy hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu hujjatlar o‘quvchilarga qo‘yiladigan talablar va qabul qilish jarayonini belgilab beradi.